Yunusobod tumanidagi Muhteshem Doner restoranida 23 kishi, dastlabki ma’lumotga ko‘ra, sousdan zaharlanib, shifoxonaga yotqizildi. SES ularning 13 nafariga uyga javob berilgani, qolgan 10 kishining ahvoli qoniqarli ekanini bildirdi. Restoran vaqtincha yopildi, Bosh prokuratura tekshiruv o‘tkazmoqda.
Jizzax viloyati Paxtakor tumanidagi bog‘chada 2 nafar tarbiyalanuvchi ovqatdan zaharlanib, shifoxonaga yotqizildi. Tekshiruv ishlari boshlandi.
Buxoro viloyatidagi to‘yda 53 kishi, jumladan, 13 nafar bola zaharlandi.
Sariosiyo tumanidagi ixtisoslashtirilgan maktab-internatida 32 nafar o‘quvchi ovqatdan zaharlangani aytilmoqda. Hozirda ularning ahvoli qoniqarli bo‘lib, o‘quv mashg‘ulotlariga qaytgani ma’lum qilindi.
O‘zbekistonda 8 oy davomida 414 kishi ovqatdan zaharlandi, ularning 2 nafari vafot etdi. Kasallanganlarning 81 nafarida botulizm aniqlandi. SES rahbari o‘rinbosari Nurmat Otabekov bunday holatlar bog‘chalarda ko‘proq kuzatilayotganinni qayd etdi.
Angren shahridagi 10-sonli bog‘chadan 24 nafar bola ovqatdan zaharlanish bilan shifoxonaga yotqizildi, yana 7 nafariga tibbiy yordam berilib, uyiga jo‘natildi. Avvalroq 14 nafar bola shifoxonaga yotqizilgani xabar qilingandi. Bog‘cha vaqtincha yopildi. Shifokorlar 240 nafar bolani ko‘rikdan o‘tkazdi.
Urgutdagi to‘yda qatnashgan 42 nafar fuqaro mayonezli salat iste’mol qilib, zaharlandi. Salatlar to‘ydan bir kun avval tayyorlangani va muzlatgichda saqlanmagani aniqlandi.
Uychi tumanidagi “Gulshan” oilaviy bog‘chasida 15 nafar bola tug‘ilgan kun uchun olib kelingan tortdan zaharlanib, shifoxonaga yotqizildi. Viloyat maktabgacha va maktab ta’limi boshqarmasining xabar berishicha, hozirda bolalarning hammasi sog‘lom va ular yana bog‘chaga qaytarilgan.
Jizzax shahridagi oshxonalarning birida taomlangan 57 kishi zaharlanib, viloyat yuqumli kasalliklar shifoxonasiga murojaat qildi. Ularning 11 nafariga yordam ko‘rsatilib, uyiga javob berildi, 46 nafarining ahvoli qoniqarli deb baholanmoqda. Prokuratura holatni o‘rganyapti.
O‘zbekistonda 2023-yilning o‘tgan davrida 107 nafar fuqaro ovqatdan zaharlangan (22 nafari bolalar), 2 bemor vafot etgan. Zaharlanishlar eng ko‘p uy sharoitida tayyorlangan konserva mahsulotlarini iste’mol qilish oqibatida kelib chiqqan.
Toshkent viloyatining Oqqo‘rg‘on tumanida bir oiladan to‘rt kishi halok bo‘ldi, yana uch nafari kasalxonaga yotqizildi. O‘lim sababi oziq-ovqat yoki is gazidan zaharlanish bo‘lishi mumkin. Tekshiruv uchun ovqat qoldiqlaridan namunalar olindi.
Qo‘shrabot tumanida bir oilaning 5 a’zosi botulizmga chalinib, ularning 2 nafari vafot etgandi. Aniqlanishicha, ular uy sharoitida tayyorlangan pomidor-bodring tuzlamasidan zaharlangan.
Poytaxtdagi qurilish firmalarining birida 20 nafar ishchi ovqatdan zaharlangani aniqlandi. Ular tez tibbiy yordam mashinasida shifoxonaga olib borilgan. SES xabariga ko‘ra, hozirda bemorlarning ahvoli qoniqarli.
Avgust-sentabr oylarida respublika bo‘ylab jami 36 nafar bog‘cha bolasi turli xil kasalliklar bilan kasalxonaga yotqizildi. MTV bu kabi holatlarning barchasini tegishli xulosasiz ovqatdan zaxarlanish deb bo‘lmasligini qayd etdi. Vazirlik jurnalist va blogerlardan to‘g‘ri axborot taqdim etishni so‘ramoqda.
Tarmoqlarda Karmana tumanidagi 6-sonli MTTda bolalar ommaviy zaharlangani aytilmoqda. 10 nafar tarbiyachi tuman tibbiyot birlashmasi yuqumli kasalliklar bo‘limiga yotqizilgan. Viloyat prokuraturasi holat bo‘yicha tergovga qadar tekshirish boshlangani ma’lum qildi.
Andijon viloyatining Qo‘rg‘ontepa tumanidagi umumiy ovqatlanish shoxobchalaridan birida 37 kishi «nonburger» dan zaharlandi. Ularning 17 nafari shifoxonaga yotqizildi.
Samarqandda xonadonlardan birida tuz o‘rniga natriy nitrat sepilgan tovuq kabobni iste’mol qilgan 15 kishi zaharlandi.
Qo‘shimcha imkoniyatlardan foydalanish uchun saytda ro‘yxatdan o‘ting